Maqolada ta’kidlanishicha, so‘nggi o‘n yilliklarda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan sur’atda o‘smoqda — so‘nggi 30 yilda savdo hajmi va investitsiyalar deyarli 100 baravarga oshgan. Xitoy mintaqaning eng yirik iqtisodiy hamkori va xavfsizlik, barqaror taraqqiyotning asosiy ishtirokchisiga aylandi.
Oliy darajadagi ikki tomonlama aloqalar dinamikasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etiladi. 2024 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard dollardan oshdi, 2017 yildan buyon jalb etilgan Xitoy investitsiyalari umumiy hajmi 17,6 milliard dollarni tashkil etdi. Toshkentda Xitoy Eksport-import bankining mintaqaviy ofisi ochilgani iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Maqolada, ayniqsa, 2023 yildan boshlab “Markaziy Osiyo – Xitoy” yangi institutsional formati shakllanib, ilgari epizodik bo‘lgan muloqot barqaror va muntazam hamkorlik maydoniga aylanganiga e’tibor qaratiladi. Xi’an Deklaratsiyasi va Xi’an shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” kotibiyati ochilgani mazkur yo‘nalishdagi institutsional islohotlarning muhim natijasi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Maqolada, shuningdek, mintaqaviy integratsiya va hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash natijasida Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan va global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashgan hududga aylanayotgani qayd etiladi. Faqat so‘nggi besh yilda mintaqaviy savdo hajmi 80 foizga oshgan, savdo jarayonlarini soddalashtirish darajasi esa 67 foizga yetgan.
Transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi, Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini oshirib, “Xitoy–Markaziy Osiyo–G‘arbiy Osiyo” iqtisodiy koridori doirasida yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilmoqda. Shu bilan birga, mintaqa faqat tranzit hududi emas, balki tovarlar, texnologiyalar va investitsiyalar uchun jadal rivojlanayotgan bozorga aylanmoqda.
Dunyo iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlardagi tub o‘zgarishlar Markaziy Osiyoning integratsiyasi va tashqi hamkorlarning mintaqaga qiziqishini kuchaytirayotgani ham alohida ta’kidlanadi. Markaziy Osiyo mintaqaviyizmining ochiqligi, boshqa yirik davlatlar ko‘magining ortib borishi va “Markaziy Osiyo plyus” ko‘p tomonlama formatlarining soni ortib borayotgani ham urg‘ulanadi.
Maqolada kelgusi hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida: CA–Xitoy formati doirasidagi mexanizmlarni rivojlantirish, transport, raqamlashtirish va sanoatlashtirish dasturlarini ilgari surish, ekspertlar va biznes doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish ko‘rsatib o‘tilgan.
Yakunida, maqolada Xitoy bilan amalga oshiriladigan ikki va ko‘p tomonlama loyihalar Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy modernizatsiyasi va integratsiyasiga, shuningdek, ularning Yevroosiyo makonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlanadi.
China Daily — Xitoyning dunyo bo‘ylab tarqatiladigan va 200 milliondan ortiq o‘quvchisi bor etakchi ingliz tilidagi kundalik gazetasi bo‘lib, xalqaro voqealar, ekspert tahlili va yetakchi fikrlarni yoritishga ixtisoslashgan.
Batafsil: https://enapp.chinadaily.com.cn/a/202506/17/AP6850aac0a310f193d87665f1.html