Tadbirda yetakchi tahlil markazlari rahbarlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon va Afg‘onistonning siyosiy, ilmiy-tadqiqot va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi.
Forumda siyosiy muloqot va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport o‘zaro bog‘liqligi va energetika loyihalarini ilgari surish, shuningdek, ilmiy-ekspert hamkorligi hamda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘z nutqida Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Qobul Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon bilan amaliy hamkorlikni, avvalo, savdo, transport, energetika, suv va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston o‘zini nafaqat qo‘shni davlat, balki Markaziy Osiyodagi mintaqaviy jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida ko‘rmoqda. Mamlakat Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida tabiiy bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajarib, transport-logistika va energetika loyihalarini ilgari surishdan manfaatdor.
O‘z navbatida, MOXI direktori Javlon Vaxabov shakllanib borayotgan Markaziy Osiyo makonida Afg‘oniston chekka hudud sifatida emas, balki mintaqaviy jarayonlarning to‘laqonli ishtirokchisi va hammuallifi sifatida ko‘rilishi zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning barqarorligi va iqtisodiy tiklanishi butun Markaziy Osiyoning kelgusi taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq.

Xususan, Transafg‘on transport koridori, TAPI, TAP va CASA-1000 kabi logistika va energetika loyihalari Afg‘onistonni tranzit hududdan mintaqaviy ishlab chiqarish, iste’mol va sanoat rivojlanishining to‘laqonli ishtirokchisiga aylantirishga qodir ekani qayd etildi.
Suv va iqlim sohasidagi hamkorlik masalalarida MOXI direktori Afg‘oniston ishtirokida huquqiy va institutsional asoslarni shakllantirish zarurligiga, shuningdek, Qo‘shtepa kanali bo‘yicha muloqot, muntazam texnik maslahatlashuvlar, ma’lumot almashinuvi, qo‘shma monitoring, muzliklarni o‘rganish hamda mintaqaviy va xalqaro maydonlarda erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.
Afg‘oniston TIV huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit transport va savdo tashabbuslarini izchil amalga oshirish mintaqaning barcha davlatlari manfaatlariga mos kelishini hamda Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik uchun asos yaratishini ta’kidladi.
Forum yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdilar. Mazkur muloqot mintaqa davlatlari o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish, qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini ilgari surish hamda xavfsizlik, o‘zaro bog‘liqlik, suv-iqlim hamkorligi va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishning amaliy mexanizmi sifatida baholandi.