Voqealar
08.05.2026
|
401
Javlon Vaxabov: “Ko‘p vektorli siyosat hamkorlardan uzoqlashishni anglatmaydi”
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Tallin shahriga amalga oshirilgan amaliy tashrif doirasida global beqarorlik va yetakchi davlatlarning mintaqaga qiziqishi ortib borayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi asosiy tendensiyalarga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdi.

Tadbir Gruziya strategik va xalqaro tadqiqotlar fondi – Rondeli fondi hamda Estoniya diplomatiya maktabi tomonidan tashkil etildi.

Konferensiyada Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, shuningdek, AQSh, Turkiya va Estoniyadan yetakchi tahliliy markazlar rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdilar.

Javlon Vaxabov o‘z ma’ruzasida Markaziy Osiyodagi mintaqaviy transformatsiya jarayonlari ortga qaytmas tus olayotganligini, Ozarbayjonning ko‘p tomonlama hamkorlik formatlariga qo‘shilishi esa o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va umumiy tahdidlarni birgalikda yengib o‘tish borasida qo‘shimcha imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari “Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari doirasida tashqi sherikliklar doirasini izchil kengaytirmoqda. Bu esa ichki modernizatsiya, barqarorlikni oshirish va mintaqa salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

MOXI direktorining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p vektorli siyosat hamkorlardan uzoqlashishni anglatmaydi. Aksincha, u davlatlarning mustaqil qarorlar qabul qilish, tashqi bozorlar va investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish, shuningdek, o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda mintaqaviy ustuvorliklarni shakllantirish qobiliyatini nazarda tutadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom