Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining tinchlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari, mintaqaviy hamkorlik masalalari hamda ikki tahliliy markaz o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Javlon Vaxabov bugungi kunda Markaziy Osiyo chegaralar va suv resurslari bo‘yicha keskin bahs va kelishmovchiliklardan o‘tib, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik va xavfsizlikka asoslangan barqaror mintaqaviy arxitekturani shakllantirish yo‘lini bosib o‘tgan hudud sifatida namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda kechayotgan tinchlikni mustahkamlash jarayonlari Norvegiyaning tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohang ekanini qayd etdilar. Norvegiya an’anaviy ravishda vositachilik, nizolarning oldini olish, davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash hamda barqaror rivojlanishni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.
Shu munosabat bilan MOXI va NOREF o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, birgalikda nashrlar tayyorlash, shuningdek, mavzuli tadbirlar va ekspertlar almashinuvini tashkil etish orqali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.