Voqealar
28.06.2026
|
185
Javlon Vaxabov: O‘zbekiston Katta Sietl hududi bilan aniq iqtisodiy loyihalarni ilgari surishdan manfaatdor
Sietl shahriga amaliy tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov “Greater Seattle Partners” mintaqaviy tashkiloti prezidenti va bosh ijrochi direktori Shannon Braddock bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Katta Sietl hududi o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, texnologiyalar, ta’lim, innovatsiyalar, yashil iqtisodiyot, logistika, agrosanoat va xalqaro savdo sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Vashington shtati ishbilarmon doiralari o‘rtasida yanada to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

“Greater Seattle Partners” O‘zbekistonni mintaqaning biznes va innovatsion hamjamiyati uchun yanada ko‘rinadigan va amaliy hamkor sifatida ilgari surishda muhim rol o‘ynashi mumkinligi qayd etildi. Katta Sietl AQSHning eng faol iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lib, uning yalpi mintaqaviy mahsuloti qariyb $607 milliardni tashkil etadi, hududda 2,32 milliondan ortiq ish o‘rni va taxminan 290 ming kompaniya mavjud. Mintaqada “Amazon”, “Microsoft”, “Boeing”, “Costco”, “Starbucks”, “Alaska Airlines”, “T-Mobile”, “Expedia” kabi global kompaniyalar joylashgan yoki faol vakillikka ega.

J. Vaxabov Sietl shahrida O‘zbekiston Bosh konsulligining ochilishi AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan yanada tizimli ishlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston AQSH bilan nafaqat siyosiy muloqotni kengaytirish, balki hududlar, kompaniyalar, universitetlar va rivojlanish institutlari ishtirokidagi aniq iqtisodiy loyihalarni ilgari surishdan ham manfaatdor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sietlning texnologik ekotizimi, shuningdek, mintaqaning innovatsiyalar, ta’lim, aviatsiya sanoati, logistika, yashil energetika va kadrlar tayyorlash sohalaridagi tajribasi O‘zbekiston uchun alohida qiziqish uyg‘otadi. Shu nuqtayi nazardan, “Greater Seattle Partners” bilan hamkorlik investorlar, tarmoq kompaniyalari, startaplar va ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun amaliy kanal bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

O‘z navbatida, Shannon Braddock “Greater Seattle Partners” O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan bozori sifatida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini o‘rganishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom