Voqealar
05.02.2026
|
251
Javlon Vaxabov: «O‘zbekiston xavfsizlikka yondashuvlarini yangilab, ko‘p vektorlik va mintaqaviy barqarorlikni saqlab qolmoqda»
London shahrida Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI)da Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi mintaqaviy hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Buyuk Britaniya tomonidan Kembrij Markaziy Osiyo forumi raisi Siddharth Saxena, “Mosaic Foundation” jamg‘armasi asoschisi Zalmay Nishat, RUSI katta ilmiy xodimi Antonio Giustozzi hamda Qirollik xalqaro munosabatlar instituti tadqiqotchisi Hamid Hakimi ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyodagi so‘nggi ijobiy o‘zgarishlar, mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari, shuningdek O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning tahlil markazlari o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar va ekspertlar hamkorligini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahabov ta’kidlashicha, hozirgi global o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston zamonaviy voqeliklardan kelib chiqib, o‘z yondashuvlarini izchil ravishda yangilashga intilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda 2018 yilgi Mudofaa doktrinasi va 1997 yilgi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida qabul qilingan qaror zamonaviy va yuqori texnologiyali yechimlarni joriy etish, amaliy samaradorlik va barqarorlikni oshirishga qaratilgan bo‘lib, bunda ko‘p vektorlik siyosat, diplomatiyaga tayanish va mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘li saqlab qolinadi.

Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilar mazkur tendensiyalarni har tomonlama ekspert tahlilidan o‘tkazish, davlat organlari uchun aniq va amaliy yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqish muhimligini ta’kidladilar. Ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi ekspert aloqalarini mustahkamlash va barqaror muloqotni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom