Tomonlar O‘zbekiston va Vashington shtati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, institutsional hamkorlikni kengaytirish, ta’lim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish, shuningdek, gumanitar aloqalarni ilgari surish masalalariga e’tibor qaratildi.
J. Vaxabov Sietl shahrida O‘zbekiston Bosh konsulligining ochilishi Vashington shtatining davlat tuzilmalari va jamoatchilik doiralari bilan yanada yaqin hamkorlik qilish uchun muhim institutsional mexanizm yaratishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, konsullik qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, o‘zbek diasporasi bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, madaniy, ta’lim va gumanitar aloqalarni kengaytirish uchun amaliy platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
O‘zbekiston AQSHning nafaqat federal institutlari, balki amaliy hamkorlik uchun katta salohiyatga ega alohida shtatlari bilan ham barqaror hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, Vashington shtati institutlar, ekspertlik doiralari, universitetlar va mahalliy jamoalar darajasida uzoq muddatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim hamkor sifatida ko‘rilmoqda.
O‘z navbatida, Stiv Hobs Vashington shtati O‘zbekiston bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirishga ochiq ekanligini hamda yangi xalqaro hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni mustahkamlashdan manfaatdorligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonning Sietldagi diplomatik ishtiroki kengayishi shtat aholisi uchun mamlakatning zamonaviy rivojlanish sur’ati, madaniyati va hamkorlik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatlarini oshiradi.