Voqealar
28.06.2026
|
225
Javlon Vaxabov Vashingtonda Kongress a’zosi Kerol Miller bilan uchrashdi
Vashington shahriga tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov AQSH Vakillar palatasining G‘arbiy Virjiniya shtatidan a’zosi Kerol Miller bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston–AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kengaytirish, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik muhokama qilindi.

  1. Vaxabov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar tobora amaliy va natijaga yo‘naltirilgan tus olayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, siyosiy muloqotning faollashuvi, Amerika biznesining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani va AQSH Kongressi darajasidagi aloqalarning kengayishi ikki tomonlama sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim asos yaratmoqda.

AQSH Kongressining O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni ilgari surishdagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan Jekson–Venik tuzatishi doirasidagi eskirgan cheklovlarni bekor qilishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, savdo, investitsiya va Amerika kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarda ishtiroki uchun yanada qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi.

O‘z navbatida, Kerol Miller 2025-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi mamlakatda olib borilayotgan islohotlar ko‘lami va ikki tomonlama hamkorlik salohiyati bilan bevosita tanishish imkonini berganini ta’kidladi. U parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda iqtisodiyot, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amaliy loyihalarni ilgari surishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom