Suhbat davomida diplomatik missiya rahbari O‘zbekiston Prezidentining pragmatik va mutanosib tashqi siyosati o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini, mintaqada barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratayotganini ta’kidladi. Bunday yondashuv samarasida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash borasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishildi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish vaqtida tomonlar “Markaziy Osiyo + Germaniya” formatidagi o‘zaro hamkorlik Germaniyaning mintaqa davlatlari bilan diplomatik aloqalarini mustahkamlashning asosiy tarkibiy qismiga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ushbu formatdagi hamkorlik siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda yangi istiqbol va imkoniyatlar olib keladi.
Markaziy Osiyo + Germaniya Federativ Respublikasi formatidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatorida iqtisodiyot, energetika va tabiiy resurslarni boshqarish, mintaqaviy hamkorlik va barqarorlik, iqlim va atrof-muhit masalalari, shuningdek, fuqarolar o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish kabilar belgilab olindi.
Uchrashuvda ishtirokchilar, shuningdek, “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasidagi hamkorlikdan mamnun ekanliklarini bildirib, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlariga moslashish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar muhimligini taʼkidladilar. Shu nuqtai nazardan, Germaniya tomonidan taqdim etilgan ushbu tashabbus tomonlarning mintaqadagi iqlim o'zgarishi muammolariga umumiy yondashuvini shakllantiradi.
Uchrashuv yakunida T.Klinner MOXI va Germaniyaning xalqaro va xavfsizlik masalalari instituti (SWP) hamda Germaniya global va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (GIGA) kabi Germaniya tahliliy tuzilmalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.