Uchrashuv davomida tomonlar energetika sohasidagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.
MOXI direktori Javlon Vaxabov mehmonlarni Institut faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi, shuningdek Markaziy Osiyoda hamkorlikning hozirgi jarayonlari hamda mintaqa davlatlarining “MO+” platformasi doirasidagi o‘zaro aloqalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, ETRI prezidenti Lu Ruquan Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalarni yuqori baholab, bu jarayonda ikki davlat yetakchilarining hissasini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar ikki tomonlama aloqalarni har tomonlama strategik sheriklikning yangi, “har qanday sharoitda barqaror” darajasiga olib chiqishda muhim rol o‘ynaganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, Lu Ruquan CNPCning qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirishdagi ishtirokining ahamiyatini qayd etdi. Mutaxassis, ayniqsa, CNPC tomonidan O‘zbekiston energetika sohasiga kiritilgan investitsiyalarga e’tibor qaratib, ularning umumiy hajmi hozirgi kunga kelib 5 milliard AQSh dollaridan oshganligini ta’kidladi.
Suhbat davomida MOXI va CNPC ETRI o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilindi. Ushbu hamkorlik doirasida tomonlar Markaziy Osiyoda “yashil” energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy o’zaro aloqalarni kengaytirishga, jumladan, amaliy tashriflar va ikki tomonlama hamkorlik va ko’ptomolama platformalar doirasida ekspertlar muloqotlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) Iqtisodiyot va texnologiyalar ilmiy-tadqiqot Akademiyasi (ETRI) – iqtisodiyot va energetika yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan Xitoyning yetakchi tahliliy markazlaridan biridir. U 1964-yilda tashkil etilgan bo‘lib, CNPC tarkibiy tuzilmasiga kiradi hamda kompaniya va mamlakat hukumati uchun ekspertlik tavsiyalarini ishlab chiqadi.
