Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil dekabr oyida o‘tkazilgan birinchi «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitida ilgari surilgan tashabbus asosida tashkil etildi. Uning maqsadi mintaqa mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir ekspert muloqotini rivojlantirish va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
«Chegarasiz o‘zaro bog‘liqlik: transport, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar» mavzusidagi uchinchi sessiyada transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish hamda raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyaga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov moderatorlik qildi.
Yaponiya Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligining xalqaro masalalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Xideo Fuseda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt iqtisodiy o‘sish hamda mintaqa rivojining muhim omiliga aylanayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari raqamli o‘zaro bog‘liqlikni birgalikda rivojlantirishi, bunda infratuzilma bilan bir qatorda kiberxavfsizlik, texnologiyalarga ishonch va kadrlar tayyorlashga ham e’tibor qaratishi lozim. Bu biznes va jamiyat uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi sobiq Favqulodda va Muxtor Elchisi Alisher Shayxov alohida ikki tomonlama raqamli yechimlardan Markaziy Osiyo va Yaponiya uchun o‘zaro mos raqamli muhitni shakllantirishga o‘tish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun umumiy texnik standartlar va ma’lumot almashish qoidalarini ishlab chiqish, ayni paytda ishonchni ta’minlash hamda har bir davlatning o‘z ma’lumotlari ustidan nazoratini saqlash muhimligini qayd etdi.
Ozarbayjon Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazining katta maslahatchisi Roza Bayramli O‘rta yo‘lakning rivojlanishi Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun imkoniyatlar ochishini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, u Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, transport yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash, logistikani rivojlantirish hamda savdo va sanoat kooperatsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Akita universiteti Xalqaro resurslar fanlari oliy maktabi dekani, professor Fumiaki Inagaki issiqlik ta’minotida geotermal issiqlik nasoslarini qo‘llashga qaratilgan qo‘shma Yaponiya–Tojikiston tadqiqot loyihasini taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar tayyorlashni raqamli vositalar hamda sun’iy intellektdan foydalanish bilan birlashtiradi. Loyihani rivojlantirish esa Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi texnologik hamda raqamli aloqalarni mustahkamlashni talab etadi.
«Gumanitar hamkorlik, ta’lim va ekspert muloqoti: bugungi holat va imkoniyatlar» mavzusidagi to‘rtinchi sessiya Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi gumanitar aloqalar, ta’lim sohasidagi hamkorlik hamda ekspertlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Sessiyaga Tokio universitetining Osiyo bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar instituti maxsus tayinlangan professori Sigeto Sonoda moderatorlik qildi.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda inson kapitalini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. U o‘zbekistonlik talabalar uchun Yaponiya universitetlarida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, mutaxassislar uchun maqsadli kasbiy stajirovkalarni rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Bunday dasturlar Yaponiya tajribasini o‘rganish va olingan bilimlarni O‘zbekistonning davlat muassasalari, universitetlari, ilmiy tashkilotlari hamda kompaniyalarida qo‘llash imkonini beradi.
Nazarboyev universitetining Siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar kafedrasi assistent-professori Sabina Insebayeva Qozog‘istondagi maktab tarix darsliklarida Yaponiya qanday tasvirlangani haqidagi tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Uning qayd etishicha, darsliklarda Yaponiya asosan jahon tarixining muhim voqealari orqali yoritiladi, Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy hamda zamonaviy aloqalarga esa ancha kam e’tibor beriladi. O‘zaro tushunishni chuqurlashtirish uchun mintaqaviy kontekstni yaxshiroq hisobga olish va talabalar, tadqiqotchilar hamda mutaxassislar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirish lozim.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mamoru Sakai inson resurslarini rivojlantirish Yaponiya–O‘zbekiston hamkorligining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. U STEM ta’limi, kasbiy tayyorgarlik va tadqiqot salohiyatini rivojlantirish, jumladan, Yaponiyaning laboratoriyaga asoslangan ta’lim yondashuvi va «kayzen» boshqaruv usullarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sheriklikni rivojlantirish Yaponiya biznesining O‘zbekistondagi faol ishtiroki, kadrlar tayyorlash va mahalliy kompaniyalarni mustahkamlash uchun sharoit yaratishni ham nazarda tutadi.
Sasakava tinchlik jamg‘armasining Mediatsiyani qo‘llab-quvvatlash markazi maslahatchisi Yuji Mori xususiy xayriya jamg‘armalarining mojaro va mojarodan keyingi hududlarda tinchlik o‘rnatish hamda vositachilikdagi salohiyatiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, moslashuvchanlik, uzoq muddatli ishtirok va gumanitar yordam ko‘rsatish imkoniyati bunday jamg‘armalarga tomonlar o‘rtasida ishonchni shakllantirish va tinchlik jarayonlarining barqarorligiga hissa qo‘shish imkonini beradi. Shu munosabat bilan u Markaziy Osiyo mintaqasiga ta’sir ko‘rsatuvchi muammolarga javob berishda bunday tashkilotlar bilan strategik sheriklikni rivojlantirish imkoniyatlarini qayd etdi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar institutining xalqaro munosabatlar bo‘limi bosh eksperti Gulzada Turdubayeva inson kapitalini mintaqaviy hamkorlikning asosi va siyosiy kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirish omili sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi. U «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatini qo‘shma tadqiqotlar, ta’lim dasturlari, bilim almashinuvi hamda universitetlar, tahlil markazlari va davlat institutlari o‘rtasida mintaqaviy aloqalarni shakllantirish uchun doimiy ekspert maydoni sifatida rivojlantirishni taklif etdi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov mintaqada keng ko‘lamli loyihalar va islohotlarni amalga oshirish kadrlar hamda institutsional salohiyatni mustahkamlashni talab etishini qayd etdi. U akademik tadqiqotlar, davlat siyosati tahlili va amaliy faoliyatni uyg‘unlashtira oladigan mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ta’kidlab, bu sohada Yaponiya bilan hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini bildirdi.
Forumning ikki kunlik faoliyati yakunida ishtirokchilar qo‘shma tadqiqotlar, almashinuvlar va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida amaliy loyihalar orqali ekspertlik hamda akademik aloqalarni rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar. Ular «Markaziy Osiyo – Yaponiya» ekspert maydoni doirasida hamkorlikni davom ettirish va uni muntazam muloqot mexanizmi sifatida rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.