Uchrashuv chog‘ida taraflar O‘zbekiston–Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari, shuningdek, ekspert-tahliliy muloqotni rivojlantirish yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Suhbat boshida J. Vahobov uchrashuvning Bishkekda o‘tkazilgan ShHT sammitidan so‘ng va ikki tomonlama aloqalar yuqori sur’atda kechayotgan bir paytda o‘tayotganini qayd etib, uning o‘z vaqtida va dolzarbligini alohida ta’kidladi. Sammit doirasida davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar yirik iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amaliy joriy etishga bevosita xizmat qilayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida, Sin Guanchen ikki mamlakat savdo aylanmasining o‘sishi hamda savdo-investitsiya hamkorligining kengayishi uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratayotgani va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
XIFA ChTI bosh ilmiy xodimi «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati doirasidagi hamkorlikni muhim yo‘nalish sifatida qayd etdi. Ushbu maydon mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy integratsiya va infratuzilma bog‘liqligining samarali vositasiga aylanib borayotgani qayd etildi.
Alohida e’tibor ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar va akademik hamkorlikni tizimli chuqurlashtirish, jumladan, ilmiy hamjamiyatlar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni faollashtirish, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqot loyihalarini kengaytirish masalalariga qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha taraflar O‘zbekiston–Xitoy sherikligining dolzarb masalalari yuzasidan muntazam maslahatlashuvlar va ekspert uchrashuvlarini davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorligini tasdiqladi.
XIFA ChTI – Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi tarkibidagi yetakchi davlat ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lib, Xitoyning chegaraoldi hududlari, shuningdek, qo‘shni davlatlar va mintaqalarning tarixiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik rivojlanishini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.