Voqealar
03.07.2026
|
184
Moskvada O‘zbekistonning PXIFdagi ishtiroki yakunlari muhokama qilindi
XII Xalqaro ilmiy-ekspert forumi - «Primakov o‘qishlari» doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov «Uchinchi Rim» tarmoqlararo ekspertiza markazi direktori Natalya Stapran bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi (PXIF) ishtiroki yakunlarini, shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan texnologik sanoatlashtirish, raqamlashtirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida ilgari surilgan tashabbuslarni muhokama qildilar.

J.Vaxabov Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan takliflar mamlakatimizning Rossiya bilan amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlarini shakllantirishga bo‘lgan intilishini aks ettirishi hamda uzoq muddatli qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, N. Stapran bildirilgan tashabbuslarning yuqori amaliy salohiyatga ega ekanini ta’kidlab, ularni O‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda ekspertlik darajasida ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida MOXI va «Uchinchi Rim» tarmoqlararo ekspertiza markazi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

«Uchinchi Rim» tarmoqlararo ekspertiza markazi — Davlat rahbari qaroriga muvofiq 2024-yilda Prezident akademiyasi (RANXiGS) huzurida tashkil etilgan ekspertlik-tahlil markazidir. Mamlakatni strategik hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini tahliliy jihatdan ta’minlash, shuningdek, amaliy ekspertlik tavsiyalarini tayyorlash uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom