Voqealar
03.07.2026
|
126
Moskvada RISI direktori M. Fradkov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Moskvaga amaliy tashrifi doirasida Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori Mixail Fradkov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni, O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi ekspertlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

J. Vaxabov ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Turli darajadagi faol siyosiy muloqot va aloqalar amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratayotgani qayd etdi.

O‘z navbatida, M. Fradkov O‘zbekiston va Rossiya tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidlab, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha muntazam ekspertlik maslahatlashuvlarining ahamiyatini qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar MOXI va RISI o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

 

Rossiya strategik tadqiqotlar instituti (RISI) – Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va xavfsizlik masalalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazuvchi hamda davlat hokimiyati organlari faoliyatini tahliliy jihatdan ta’minlovchi davlat tahliliy markazidir.

MOXI va RISI o‘rtasida 2021-yil 18-mayda imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum amal qilmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom