Voqealar
18.08.2026
|
174
MOXI Andijon viloyatining investitsiyaviy salohiyatini o'rgandi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov rahbarligidagi Institut vakillari Andijon viloyatiga amaliy tashrif buyurib, hududning sanoat va investitsiyaviy salohiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligi, shuningdek, iqtisodiy o'sishning mavjud zaxiralarini o'rgandilar.

Tashrif davomida avtomobilsozlik, sement, kabel, elektrotexnika va to'qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, qishloq xo'jaligi sohasidagi loyihalar o'rganildi. «Andijon texnoparki» maxsus sanoat zonasi va «Ipak yo'li» erikn iqtisodiy zonasi hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, yangi qo'shilgan qiymat zanjirlarini yaratish hamda Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozorlariga eksportni kengaytirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.

Avtomobilsozlik korxonalarida og'ir yuk texnikasi va elektrobuslar ishlab chiqarish istiqbollari ko'rib chiqildi. Ushbu yo'nalishning rivojlanishi yirik ishlab chiqarish korxonalari atrofida butlovchi qismlar yetkazib beruvchilar tarmog'ini shakllantirish va yangi ish o'rinlarini yaratish imkonini beradi.

E'tiborli jihati shundaki, Andijon tumanida birinchi marta «Ipak yo'li» nomi ostida elektrobuslar yig'ish yo'lga qo'yiladi. Loyiha Xitoyning «Silk Road Campbell Automobile» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Zavodning loyihaviy quvvati yiliga 2 mingta elektrobusni tashkil etib, Markaziy Osiyodagi butun bozor ehtiyojini ta'minlash imkonini beradi.

Andijon shahridagi «Van Universal Motors» zavodida mahalliy mutaxassislar tomonidan «FAW» brendi ostida tijoratga mo'ljallangan maxsus texnika yig'ilmoqda. Dunyodagi eng ko'p sotiladigan og'ir yuk avtomobillari brendlaridan biri bo'lgan «FAW» mahsulotlarining ishlab chiqarilishi zarur sanoat zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda zavod yuk avtomobillarini Qozog'iston, Qirg'iziston, Afg'oniston va mintaqaning boshqa mamlakatlariga yetkazib bermoqda.

MOXI vakillari Asaka tumanida joylashgan, «ADM Global» kompaniyalar guruhi tarkibiga kiruvchi «ADM Electrics» korxonasiga ham tashrif buyurdilar. Mazkur guruh O'zbekistonda «Kia», «CHERY», «HAVAL» va «Hyundai Truck & Bus» avtomobil` brendlarining rasmiy distrib`yutori hisoblanadi. Korxona mahalliy avtomobilsozlik sanoati uchun avtomobil` elektr jihozlarini ishlab chiqaradi.

Avtomobil` elektr jihozlarini ishlab chiqarish import o'rnini bosish strategiyasini amalga oshirish va mahalliy sanoatning raqobatbardoshligini oshirishda muhim qadam hisoblanadi.

«ADM Electrics» ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo'lgan mahsulotlarning ishonchli yetkazib beruvchisiga aylandi.

Xonobod shahrida «ANDIJONKABEL» va «O‘Z KOJI» korxonalarining import o'rnini bosuvchi mahsulotlar va avtomobil` komponentlarini ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalari ko'rib chiqildi.

Buloqboshi tumanidagi «Andijon Conch Cement» sement korxonasida qurilish sohasidagi talab, “Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston” temir yo'lining ishga tushirilishi hamda Afg'oniston yo'nalishidagi eksport salohiyatini hisobga olgan holda ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari o'rganildi.

Ulug'nor va Oltinko'l tumanlarida paxta yetishtirishda Xitoy texnologiyalaridan foydalangan holda tomchilatib sug'orish tizimini joriy etish imkoniyatlari o'rganildi.

MOXI vakillari Qo'rg'ontepa tumanida joylashgan, yotoq jihozlari, hammom uchun buyumlar, kiyim-kechak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Khantex Group» kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Korxona mahsulotlari Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlarida sotilmoqda.

Ish yakunlari bo'yicha Andijon viloyatining foydalanilmayotgan zaxiralarini ishga solish va yangi o'sish nuqtalarini shakllantirish bo'yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Umuman olganda, “Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston” temir yo'lining ishga tushirilishi va yuqorida qayd etilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi Andijon viloyatining Markaziy Osiyoning muhim sanoat markazlaridan biri sifatidagi salohiyatini to'liq namoyon etish imkonini beradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom