Voqealar
28.09.2026
|
210
MOXI Boku shahrida TDTga a’zo davlatlar tahliliy markazlarining ikkinchi xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bo‘lim boshlig‘i Azamat Toshev Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar tahliliy markazlarining «Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida iqtisodiy hamkorlikni doimiy maslahatlashuvlar va qo‘shma tadqiqotlar orqali mustahkamlash» mavzusidagi ikkinchi xalqaro konferensiyasida ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Konferensiya Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlarni tahlil qilish va kommunikatsiyalar markazi tomonidan TDT Kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Toshev «Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar: siyosiy asoslar va iqtisodiy transformatsiya» mavzusida so‘zga chiqib, TDT doirasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari sifatida raqamli savdo va yagona raqamli iqtisodiy ekotizimni shakllantirish, sun’iy intellektning iqtisodiy transformatsiya va inson kapitaliga ta’siri kabi yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Ekspert tadbir ishtirokchilarining e’tiborini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning TDT doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish tashabbusiga qaratib, mazkur yo‘nalish ustuvor bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan joriy yilning 22–25-sentyabr kunlari «ICT Week Uzbekistan 2026» doirasida TDT Texnologiyalar forumi 2026 o‘tkaziladi. Forum transchegaraviy innovatsiyalarni rivojlantirish, umumiy raqamli infratuzilmani shakllantirish, shuningdek, TDTga a’zo mamlakatlar startap ekotizimlarini yagona mintaqaviy bozorga birlashtirish yo‘llarini izlashga qaratiladi.

MOXI vakilining fikricha, jahon iqtisodiyotidagi transformatsiya sharoitida inson kapitalini rivojlantirish, fan, ta’lim va yoshlar bilan ishlash sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois O‘zbekiston «Turkiy dunyo yoshlari poytaxti — 2026» xalqaro tashabbusi doirasida Xiva shahrida Yosh liderlar forumi, Yosh tadbirkorlar forumi va Xalqaro yoshlar festivalini o‘tkazish kabi loyihalarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Azamat Toshev o‘z nutqining yakunida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqalararo loyihalarni amalga oshirish, transport yo‘nalishlari samaradorligini oshirish va raqamli yechimlarni o‘zaro integratsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom