Voqealar
26.07.2026
|
425
MOXI delegatsiyasi “Markaziy Osiyo– Xitoy” formatidagi Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha hamkorlik markazi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov “Markaziy Osiyo– Xitoy” formatidagi Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha hamkorlik markazi direktori o‘rinbosari Kou Szyanxay bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aholi farovonligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

J.Vaxabov aholi turmush darajasini yuksaltirish O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor maqsadlaridan biri ekanini ta’kidladi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 milliard AQSh dollaridan oshirish, daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikni to‘liq bartaraf etish rejalashtirilgan.

Kou Szyanxay Markaz belgilangan vazifalarni amalga oshirishda O‘zbekistonga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida ekspert kambag‘allikka qarshi kurashishda Xitoy tajribasini o‘rganish, uni milliy o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda moslashtirish usullarini ishlab chiqish hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni ilgari surishni qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama platformalar doirasida amaliy aloqalarni, jumladan, ishchi tashriflar va ekspert muhokamalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom