Voqealar
27.06.2026
|
228
Javlon Vaxabov AQSH senatori Stiv Deyns bilan uchrashdi
Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, Montana shtatidan senator Stiv Deyns bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni ikki tomonlama formatda hamda “C5+1” platformasi doirasida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Savdo-investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, transport bog‘liqligini rivojlantirish, shuningdek, muhim mineral resurslar, infratuzilma, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

VaxabovO‘zbekiston–AQSH sherikligi tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etayotganini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi faoliyati, AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi – DFC bilan investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, Amerika kompaniyalarining infratuzilma, energetika, qayta ishlash sanoati va muhim mineral resurslar yo‘nalishidagi loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Montana shtati bilan agrar texnologiyalar, suv tejovchi dehqonchilik, chorvachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish salohiyati ham alohida qayd etildi.

O‘z navbatida, senator Stiv Deyns AQSHning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan aloqalarini mustahkamlash yo‘lida, jumladan, Senatdagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus va “C5+1” formati orqali faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Senator savdo, investitsiya va mintaqaviy bog‘liqlik sohalarida aniq loyihalarni ilgari surish muhimligini ta’kidladi. Shu jumladan, “Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘li” tashabbusi Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom