Uchrashuvda O‘zbekiston–AQSH hamkorligining dolzarb yo‘nalishlari, jumladan, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibi masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik muhokama qilindi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi roli, “C5+1” formatini rivojlantirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy sheriklik uchun yangi imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Vaxabov V. Gonzalezning AQSH Kongressida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barqaror ikki partiyaviy yondashuvni ilgari surishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Uning Kongressdagi O‘zbekiston bo‘yicha kokus hamraisi sifatidagi faoliyati amerikalik qonunchilarning mamlakatimizga e’tiborini kuchaytirishga hamda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun uzoq muddatli asos yaratishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
O‘zbekistonga nisbatan Jekson–Venik tuzatishi bilan bog‘liq eskirgan cheklovlarni bekor qilishga qaratilgan qonunchilik tashabbusini ilgari surish masalasi ham alohida muhokama qilindi. Ushbu masala nafaqat savdo va investitsiyalarni kengaytirish, balki O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Gonzalez O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Bu borada parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, muhim mineral resurslar, energetika, infratuzilma, moliya va texnologiyalar sohalarida amaliy tashabbuslarni ilgari surish muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.