Uchrashuv davomida tomonlar AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, C5+1 muloqot doirasidagi aloqalar rivoji, shuningdek yaqinda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammit natijalari yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, AQSH va mintaqaviy tahliliy markazlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Briann Toddning ta’kidlashicha, Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 sammiti sezilarli muvaffaqiyat bilan yakunlandi va AQSH hamda O‘zbekiston o‘rtasida ham ikki tomonlama, ham mintaqalararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. Sammit doirasida O‘zbekiston va AQSH savdo va investitsiyalar, energetika va o'ta muhim minerallar, infratuzilma va raqamli rivojlanish, shuningdek xavfsizlik sohalarida qator kelishuvlarga erishgani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, sammit arafasida MOXI tomonidan Toshkentda tashkil etilgan AQSH–Markaziy Osiyo tahliliy markazlari birinchi forumi alohida e’tirof etildi. Briann Toddning fikricha, bunday tadbirlar oliy darajadagi uchrashuvlar kun tartibini amaliy mazmun bilan boyitadi hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqishga yordam beradi.
Brianna Todd bunday ekspert platformalarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi, chunki bu format ishtirokchi davlatlar ekspertlari o‘rtasida fikr almashinuvi uchun mustahkam asos yaratganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Javlon Vaxabov O‘zbekiston va AQSH tahlil markazlari o‘rtasida barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu kabi tajriba almashinuvi mahalliy tahlilchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va mamlakatda yuqori malakali ekspertlar hamjamiyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, tomonlar MOXIning NESA va boshqa Amerika tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Xususan, yosh tadqiqotchilar uchun onlayn seminarlar va ta’lim kurslarini tashkil etish, shuningdek mintaqaviy xavfsizlik va tahliliy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan ekspert loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
NESA – AQSH Mudofaa vazirligi huzuridagi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlarini o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi ilmiy markaz bo‘lib, xalqaro xavfsizlik, tashqi siyosat va mintaqaviy strategiyalar bo‘yicha tadqiqotlar hamda ta’lim dasturlarini olib boradi. Markaz turli o‘quv dasturlari, seminarlar va ekspert almashuvlari orqali xorijiy hamkorlar bilan faol hamkorlik qiladi.