Voqealar
08.05.2026
|
428
MOXI direktori Norvegiya elchisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
MOXI direktori Javlon Vaxabovning Norvegiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi yangi tayinlangan elchisi, Helene Sand Andresen (qarorgohi Osloda joylashgan) bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki tomonlama formatda hamda shakllanib borayotgan “Markaziy Osiyo — Shimoliy Yevropa” hamkorlik platformasi doirasidagi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Javlon Vaxabov so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikka o‘zaro qiziqish ortib borayotganligini qayd etib, Norvegiya bilan sheriklikni chuqurlashtirish, xususan, ekspertlik va tahliliy aloqalarni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida barqaror muloqot platformalarini shakllantirish mintaqaviy hamkorlikka qo‘shimcha sur’at bag‘ishlab, mintaqalararo hamkorlikning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Helene Sand Andresen Norvegiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish va o‘zaro hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. U ikki tomonlama munosabatlarda, jumladan, yashil transformatsiya, raqamli texnologiyalar, ta’lim va innovatsiyalar kabi yo‘nalishlarda hali to‘liq ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar, tadqiqot loyihalari va ekspert muloqotlarini tashkil etish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom