Voqealar
25.07.2026
|
191
MOXI direktori Shinjon universitetida uchrashuv o‘tkazdi
Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga (SHUAR) amaliy tashrif doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Shinjon universiteti rektori Ma Sinbin bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston va SHUAR o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini, shu jumladan, qo‘shma o‘quv dasturlarini amalga oshirish, yosh tadqiqotchilar uchun amaliyotlarni tashkil etish va akademik almashinuvni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

J.Vaxabov O‘zbekiston va Shinjon ta’lim muassasalari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish ulkan salohiyatga ega ekanligini qayd etib, bu borada “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi ta’lim sohasidagi almashinuv va hamkorlik markazi imkoniyatlaridan faol foydalanishni taklif qildi. Mehnat bozorining o‘sib borayotgan ehtiyojlari va texnologik tarraqiyotning zamonaviy tendensiyalarini hisobga olgan holda malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Ma Sinbin Shinjon universiteti O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, shu jumladan, magistrant va doktorantlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma diplom dasturlarini ishga tushirishga tayyor ekanligini bildirdi. Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik almashinuvlarni rivojlantirishdan qiziqish bildirildi.

MOXI va Shinjon universiteti o‘rtasidagi bevosita hamkorlik istiqbollariga, xususan, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspertlar ishtirokidagi seminarlar va mehmon ma’ruzalarini tashkil etish, shuningdek, yosh tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom