Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sheriklikning bugungi holati yuzasidan fikr almashib, ikkita dvlaltlarning hududlari hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
J.Vaxabov joriy yilning 14–18-iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga (SHUAR) tashrifini tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun Xitoy Elchixonasiga minnatdorlik bildirdi.
Tashrif doirasida davlat idoralari, ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari va ishbilarmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar hamda fikr almashuvlari SHUARni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, O‘zbekiston va Shinjon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini bergani qayd etildi.
O‘z navbatida, elchi Yuy Szyun Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan sheriklikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishini, bunda Shinjon transport, savdo, qishloq xo‘jaligi va madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan SHUAR va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatning eng sharqiy hududi va Shinjonga eng yaqin bo‘lgan Andijon viloyati bilan aloqalarni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur yo‘nalishdagi asosiy loyihalardan biri sifatida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi qayd etildi. Andijon viloyati yangi yo‘nalishning muhim qismlaridan biriga aylanishi, O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘i bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishni hamda yuklarning mamlakat ichida va umuman Markaziy Osiyo bo‘ylab keyingi harakatini ta’minlashda muhim o’ring egallashi ta’kidlandi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi aytib otildi. Shinjon pilot erkin savdo zonasining salohiyatidan, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini rivojlantirishdan manfaatdor SHUARning yetakchi kompaniyalari imkoniyatlaridan foydalanish istiqbolli muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, “yashil” energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va SHUARning ilmiy-tadqiqot hamda ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlik va ko‘p tomonlama platformalar doirasida sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.