Uchrashuv davomida ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot hamjamiyatlari o‘rtasidagi ekspertlik hamkorligini yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Yaponiyalik diplomat O‘zbekiston va Yaponiya tahliliy markazlar o‘rtasida muntazam aloqalarni davom ettirish muhimligini ta’kidlab, ularning ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Suhbat davomida joriy yil 23–24-sentabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tahlil markazlari forumiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Elchi fikricha, Forum mavzulari Tokio deklaratsiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga, jumladan, transport bog‘liqligini rivojlantirish, “yashil” o‘tish, inson kapitalini mustahkamlash va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga to‘g‘ri keladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ekspertlik hamkorligini yanada chuqurlashtirish hamda Forumga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.