Voqealar
19.04.2026
|
199
MOXI eksperti Xivada bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo+Germaniya" forumida ishtirok etdi
Joriy yilning 16-aprel kuni Xiva shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori o‘rinbosari Sh. Fayziyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya tahlil markazlarining "O‘zgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik" mavzusidagi birinchi forumida ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi va Fridrix Ebert jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniyaning yetakchi tahliliy markazlari, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalar doirasida mintaqalararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha vakili Niklas Vagner "Markaziy Osiyo - Germaniya" hamkorlik shakli tobora barqaror tus olib, ishonchni mustahkamlash, sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va asosiy mintaqaviy masalalar bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Sh. Fayziyev o‘z nutqida 2023-yilda "Markaziy Osiyo - Germaniya" hamkorlik formatining ishga tushirilishi mintaqalararo muloqotni institutsionallashtirishga o‘zaro qiziqish yuqori ekanligini tasdiqlaganini, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, "yashil" energetika, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika aloqalari va inson kapitalini rivojlantirishni belgilab berganini, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlaganini ta’kidladi.

Bo‘lib o‘tgan fikr almashuvlar doirasida ishtirokchilar hamkorlikning turli yo‘nalishlarini muhokama qildilar, strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan taklif va tashabbuslarni belgilab oldilar.

Ekspertlar ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning kelishilgan va uzoq muddatli kun tartibini shakllantirish uchun tahliliy tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

2023-yilda Berlinda "Markaziy Osiyo - Germaniya" birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi, uning doirasida hamkorlikning yanada tizimli shakliga o‘tish va loyihaga yo‘naltirilgan hamkorlikni kengaytirish qayd etildi.

2024-yilda Ostona shahrida "Markaziy Osiyo - Germaniya" formatidagi ikkinchi sammit bo‘lib o‘tdi, u davlat rahbarlari darajasidagi hamkorlikning muntazamligini mustahkamladi va keng ko‘lamli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom