Tadbir Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tomonidan Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forum Markaziy Osiyo mamlakatlarining tahliliy markazlari rahbarlari, shuningdek, Dushanbedagi diplomatik korpus rasmiylari va vakillarini birlashtirdi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar mintaqaviy xavfsizlikning asosiy masalalarini, jumladan, ichki va transmintaqaviy tahdidlar va imkoniyatlar, barqarorlikning ijtimoiy-iqtisodiy va transport-tranzit jihatlari, shuningdek, geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyoni rivojlantirishning strategik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Forum maydonida MOXI direktori o‘rinbosari Sh. Fayziyev so‘zga chiqib, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalarini belgilab berdi. Mintaqa ijobiy o‘zgarishlar, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash davrini boshdan kechirayotgani, yetakchilarning ishonchli muloqoti va mintaqa mamlakatlarining birgalikdagi amaliy sa’y-harakatlari "Yangi Markaziy Osiyo"ni shakllantirayotgani ta’kidlandi

Muhokamalar davomida ekspertlar, shuningdek, Markaziy Osiyoning mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilib, zamonaviy tahdid va xatarlarga yondashuvlarni muvofiqlashtirish, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratdilar.

Forum yakunida ishtirokchilar ekspertlar muloqotini chuqurlashtirish va mintaqaning barqarorligini oshirish hamda uning strategik salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarishga qaratilgan hamkorlikning amaliy vositalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.