Voqealar
18.05.2026
|
172
MOXI ekspertlari Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo institutida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ishtirok etdi
Joriy yil 13-may kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) ilmiy xodimlari Nozimabonu Mansurova va Samandar Ismailov “Markaziy Osiyo va Yevrosiyoda xavfsizlikning yangi arxitekturasi” mavzusidagi yosh olimlar davra suhbatida ishtirok etdi.

Tadbir Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti tomonidan tashkil etildi. U institut tashkil etilganining 60 yilligiga bag‘ishlandi.

Davra suhbatida O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi tahliliy hamda ilmiy-ta’lim markazlari vakillari, jumladan, Rossiyaning Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi, MOXI, Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ekspertlari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar Yevrosiyoda mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tendensiyalarni, shuningdek, global beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyoning rivojlanish jarayonlarini ko‘rib chiqdilar.

MOXI ilmiy xodimi N. Mansurova o‘z ma’ruzasida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqot va hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mintaqada ishonch, siyosiy iroda hamda eng dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlarni izlashga asoslangan hamkorlikning o‘ziga xos modeli bosqichma-bosqich shakllanmoqda.

MOXI ilmiy xodimi S. Ismailov o‘z ma’ruzasida mintaqaviy xavfsizlik masalalariga, jumladan, suv-iqlim bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, suv xavfsizligi Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishida muhim omillardan biriga aylanmoqda. Bu esa monitoring tizimlarini rivojlantirish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash kabi kelishilgan amaliy choralarni talab etadi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar ilmiy-tahliliy hamkorlikni mustahkamlash va professional aloqalarni kengaytirish uchun O‘zbekiston va Rossiya tadqiqot markazlari o‘rtasidagi ekspertlik muloqotini davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom