Voqealar
18.07.2026
|
336
MOXI ilmiy xodimlari Yaponiyada tadqiqot stajirovkasini o‘tadi
Markaziy Osiyo xalqaro institutining (MOXI) ilmiy xodimlari Nozimabonu Mansurova va Baxtiyorjon Salomov Yaponiyadagi tadqiqot stajirovkasini yakunladi.

Stajirovka doirasida MOXI xodimlari Tokio universitetida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ishtirok etdi. Unda Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlari hamda tomonlar o‘rtasidagi ekspert va akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, stajirovka dasturidan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi va Parlamentidagi uchrashuvlarda ishtirok etish ham o‘rin olgan bo‘lib, ularda O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, MOXI xodimlari Sukuba, Kioto, Tokio va Xokkaydo universitetlari faoliyati bilan tanishdi. Yaponiya oliy ta’lim muassasalarining xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini tashkil etish borasidagi yondashuvlari o‘rganildi.

Dasturning alohida yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Elchixonasi faoliyati bilan tanishishga bag‘ishlandi. O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini axborot-tahliliy ta’minlash va O‘zbekistonning tashqi siyosiy tashabbuslarini ilgari surish, shuningdek, Yaponiyaning davlat, ekspert va akademik doiralari bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliyot natijalari Yaponiya ekspert va akademik hamjamiyati bilan kasbiy aloqalarni kengaytirishga hamda XTAI va Yaponiyaning yetakchi ilmiy-ta’lim markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom