Voqealar
19.08.2026
|
33
MOXI O‘zbekiston Prezidentining SPXIF-2026 doirasida ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy kun tartibini shakllantirmoqda
Joriy yilning 4-avgust kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov «Tretiy Rim» tarmoqlararo ekspertiza markazi direktori Natalya Stapran bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida tomonlar tahliliy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yilgi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPXIF-2026) doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar.

Raqamli va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish hamda yangi ishlab chiqarish aloqalarini shakllantirishga qaratilgan takliflarga alohida e’tibor qaratildi.

J.Vaxabov O‘zbekiston Yetakchisi tashabbuslarini mazmunan puxta ishlab chiqish, O‘zbekiston–Rossiya hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash hamda uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy takliflar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish muhimligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, N. Stapran o‘zi rahbarlik qilayotgan Markazning mazkur yo‘nalishlarda MOXI bilan professional muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi hamda iqtisodiyot, raqamlashtirish va strategik rejalashtirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ekspert tadbirlarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

«Uchinchi Rim» tarmoqlararo ekspertiza markazi – 2024-yilda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan ekspert-tahliliy markazdir. Uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlari mamlakatning strategik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid masalalarni tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, amaliy ekspert tavsiyalarini ishlab chiqishni qamrab oladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom