Voqealar
05.08.2025
|
237
MOXI SHHT OAV va Tahliliy Markazlar Sammitida ishtirok etdi
Xitoy Xalq Respublikasining Xenan provinsiyasi, Chjenchjou shahrida SHHT OAV va Tahliliy Markazlar Sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xitoy Davlat Kengashi Axborot Boshqarmasi, “Sinxua” axborot agentligi, Xitoy Ijtimoiy Fanlar Akademiyasi, Xenan provinsiyasi hukumati hamda SHHT OAV va Tahliliy Markazlar Forumi Kotibiyati hamkorligida tashkil etildi.

Sammitda 26 mamlakatdan 400 dan ortiq ishtirokchi – yetakchi OAV vakillari, tahliliy markazlar, ilmiy doiralar va siyosiy ekspertlar qatnashdi.

Ushbu sammit SHHT doirasida axborot hamkorligi va tahliliy muloqotni chuqurlashtirishga qaratilgan strategik yo‘nalishlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi. Ishtirokchilar “Shanxay ruhi”ning ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy tamal toshi ekanini ta’kidlab, u mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zgarib borayotgan global sharoitda ham samarali muloqotga xizmat qilishini qayd etdilar.

OAV va ilmiy-tadqiqot institutlarining Yevrosiyo bo‘ylab adolatli va muvozanatli axborot makonini shakllantirish, siyosiy dialogni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishdagi muhim roli alohida e’tirof etildi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)dan yetakchi ilmiy xodim Shavkat Alimbekov “Raqamli davrda innovatsiyalar bo‘yicha yoshlar dialogi” mavzusidagi yalpi sessiyada nutq so‘zladi. Mazkur sessiya mintaqaning uyg‘un rivojlanishi uchun yangi g‘oyalar va yechimlarni ilgari surishga qaratildi.

O‘z nutqida Sh. Alimbekov yoshlarning innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va barqaror o‘sishdagi yetakchi rolini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamlashtirish ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish va SHHT davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun noyob imkoniyatlar yaratadi. Bilim, ijodkorlik va tashabbusga ega yosh avlod esa mintaqaning kelajagini belgilovchi innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qodir.

Sammit ishtirokchilari, shuningdek, OAV rivoji, ta’lim va madaniyatlararo hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Xitoy, Markaziy Osiyo va boshqa davlatlardan kelgan jurnalistlar hamda talabalar yangi davlatlararo tashabbuslar jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi yangi avlod liderlarini yetishtirishga qanday yordam berishi mumkinligi borasida fikr almashdilar.

Ko‘plab ishtirokchilar fikricha, qo‘shma ekspert platformalarini kengaytirish va yoshlar dasturlarini rivojlantirish xalqlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, SHHTni modernizatsiya qilish va uning gumanitar kun tartibini ilgari surish uchun muhimdir.

Sammit yakunida qabul qilingan Chjenchjou Konsensusi va tahliliy hisobotlar SHHT davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va isloh qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. MOXI ishtiroki ekspertlararo aloqalarni kengaytirish va gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib, yoshlarning tashkilot integratsion jarayonlaridagi faol rolini yana bir bor tasdiqladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom