Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi strategik muloqotni rivojlantirish masalalarida fikr almashdi. Xususan, yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti natijalari nuqtai nazaridan ilmiy va ekspertlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Tomonlar qo‘shma tadqiqot loyihalari, akademik stajirovkalar va yosh mutaxassislarning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirokini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vahabov hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagi sohalarni sanab o‘tdi: mintaqaviy hamkorlik, savdo va transport yo‘laklarini rivojlantirish, barqaror taraqqiyot, raqamli transformatsiya va atrof-muhitni muhofaza qilish.

Shu munosabat bilan tomonlar tahliliy hisobotlar tayyorlash, xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish va tematik davra suhbatlari o‘tkazish borasida kelishuvga erishdi.

Muzokaralar yakunida ikki institut o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat tomonlarning barqaror muloqotni shakllantirish, qo‘shma ilmiy-tahliliy va ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish hamda Yevroosiyo makonida yangi hamkorlik platformasini yaratishga bo‘lgan intilishini mustahkamladi.

Tomonlar ushbu memorandum ikki tomonlama ekspert almashinuvi, yosh tadqiqotchilar va ilmiy xodimlar o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladilar. Kelishuv doirasida qo‘shma tadqiqot loyihalarini boshlash, stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish hamda barqaror rivojlanish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari yuzasidan muntazam ekspert maslahatlashuvlarini o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

Danube Instituti – xalqaro munosabatlar, xavfsizlik, iqtisodiyot, siyosat va madaniyat sohalarida strategik tadqiqotlarga ixtisoslashgan yetakchi vengriyalik tahliliy markazdir. Institut muntazam ravishda xalqaro konferensiyalar, ekspert muhokamalari va turli mamlakatlardan tadqiqotchilar uchun ta’limiy stajirovkalar tashkil etadi. Institut faoliyatida alohida o‘rin tutadigan Fellowship Programme yosh olimlar uchun mo‘ljallangan nufuzli dastur bo‘lib, u ilmiy izlanishlar olib borish, ommaviy ma’ruzalar va ustozlik mashg‘ulotlarida qatnashish, shuningdek Hungarian Conservative va European Conservative kabi nashrlarda maqolalar e’lon qilishni o‘z ichiga oladi. Danube Instituti Yevropa, AQSH va Osiyoning yetakchi ilmiy markazlari bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.