Voqealar
08.05.2026
|
341
MOXI va Estoniya diplomatiya maktabi hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
Tallin shahrida bo‘lib turgan tashrifi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov hamda Estoniya diplomatiya maktabi direktori Ekke Nõmm ikki muassasa o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.

Mazkur bitim ikki tashkilot o‘rtasida ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish, salohiyatni mustahkamlash hamda ekspertlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Xususan, hujjatda MOXIning yosh tadqiqotchilari kasbiy kompetensiyalarini oshirishga qaratilgan qo‘shma dasturlar va ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Erishilgan kelishuv MOXI tomonidan Estoniyaning tahliliy muassasasi bilan imzolangan ilk bitim bo‘ldi. Tomonlar mazkur sheriklik ekspertlik va ta’lim salohiyatini birlashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo va Boltiqbo‘yi davlatlari o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Estoniya diplomatiya maktabi — Estoniyaning yetakchi ta’lim va tahliliy markazi bo‘lib, 1990-yilda tashkil etilgan. Muassasa xalqaro munosabatlar, diplomatiya va tashqi siyosat sohasida kadrlar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ta’lim va tadqiqot dasturlarini amalga oshirishga ixtisoslashgan.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom