Uchrashuv MOXI va GRC oʻrtasidagi ilgari boshlangan muloqotning mantiqiy davomi boʻldi. Xususan, MOXI hamda Bourse and Bazaar Foundation hamkorligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz davlatlari” aql markazlari forumi doirasida ikki institut oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Tomonlar bu hujjat hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish sari muhim qadam boʻlganini va qoʻshma tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratganini taʼkidladilar.
Uchrashuv davomida tomonlar tadqiqot sohasida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish, seminar, davra suhbati va konferensiyalar tashkil etish yuzasidan fikr almashdi. Kelgusi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida taʼlim, barqaror rivojlanish, energetika, transport bogʻliqligi, savdo va investitsiyalar sohalari qayd etildi.

Doktor Sager Koʻrfaz hamda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi aloqalar izchil rivojlanayotganini, bu esa yuqori darajadagi muntazam tashriflar, mintaqaviy sammitlar va siyosiy muloqot kuchayib borayotgani bilan namoyon boʻlayotganini qayd etdi. U, shuningdek, Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar soni ortgani haqida aytib, bu oʻzaro aloqalarning yanada mustahkamlanayotganidan va iqtisodiy-hamdа madaniy aloqalarning kengayayotganidan dalolat ekanini bildirdi.

Oʻz navbatida, J.Vahabov Markaziy Osiyo va Koʻrfaz davlatlarini tarixiy-madaniy yaqinlik, umumiy diniy qadriyatlar bogʻlab turishini va bu omillar oʻzaro anglashuvni chuqurlashtirishda muhim oʻrin tutishini qayd etdi. U hamkorlik faqat madaniy va maʼnaviy sohalar bilan cheklanib qolmasdan, taʼlim, fan, texnologiya, innovatsiya va barqaror rivojlanish sohalariga ham faol kirib borishi zarurligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Markaziy Osiyo va Koʻrfaz davlatlari ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasidagi muloqotni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirib, ekspertlar darajasida barqaror muloqotni taʼminlash va global hamda mintaqaviy jarayonlarga oid qoʻshma ilmiy-amaliy yondashuvlar ishlab chiqish uchun barqaror platforma yaratish zarurligini taʼkidladilar.
Ko'rfaz tadqiqot markazi (GRC) 2000-yilda tashkil etilgan boʻlib, Koʻrfaz mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalari boʻyicha yetakchi tadqiqot markazlaridan biridir. Xalqaro munosabatlar boʻyicha dunyodagi eng yaxshi 150 tahlil markazi roʻyxatiga kirgan GRC BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (UNEP) huzurida akkreditatsiyadan oʻtgan kuzatuvchi maqomiga ega. Markaz Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Yevropa va Shimoliy Amerikadagi 90 dan ortiq tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qiladi.