Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda “Markaziy Osiyo – ASEAN” formati doirasida uni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki mintaqa tahlil markazlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
MOXI direktori Javlon Vaxabov 2027-yilda ASEAN (Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi) tashkil etilganining 60 yilligi nishonlanishini ta’kidlab, shu munosabat bilan Uyushma tajribasi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Markaziy Osiyo va ASEAN tahlil markazlari vakillari o‘rtasida muntazam ekspertlik muhokamalarini o‘tkazish mintaqalararo sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qilishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, SXTM direktori Yose Rizal Damuri O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda ekspert va tahliliy doiralar o‘rtasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakatning yetakchi tadqiqot markazlari vakillari o‘rtasida muntazam fikr almashinuvi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini aniqlash hamda tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar MOXI va SXTM o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, “ Markaziy Osiyo – ASEAN” formatida tahliliy forumlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.