Uchrashuv davomida Ahmed Sager Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalar asrlar davomida shakllanganini ta’kidladi hamda zamonaviy arab olimlarining qariyb uchdan bir qismi Markaziy Osiyodan chiqqanligini alohida qayd etdi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, ikki institut o‘rtasida imzolangan ushbu bitim uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ekspertlar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyo bilan Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi dolzarb mavzularda konferensiyalar va davra suhbatlari tashkil etishni nazarda tutadi.
O‘z navbatida, MOXI direktori ushbu ilmiy va madaniy almashinuv merosi tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, bilim almashinuvi uchun yangi imkoniyatlarni ochish va yagona ekspert platformasini shakllantirish yo‘lida mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Tomonlar erishilgan kelishuv ikki mintaqaning ekspertlar hamjamiyatlari o‘rtasida samarali va mazmunli hamkorlikka xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Gulf Research Center Ko‘rfaz mamlakatlarida barqaror rivojlanish siyosati, xavfsizlik va xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert yondashuvlarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydigan yetakchi tahliliy markazlardan biridir.