Uchrashuvda universitet provosti Sergey Pen, boshqaruv raisi o‘rinbosari Shinar Zakieva va MIND markazi rahbari Aydin Abai ishtirok etdi. Tomonlar Markaziy Osiyodagi hozirgi tendensiyalar, jumladan, barqaror rivojlanish, transchegaraviy hamkorlik va mintaqaviy konsolidatsiya masalalari yuzasidan fikr almashishdi.

«Markaziy Osiyo+» formatini kengaytirish doirasida ekspertlik hamkorligini mustahkamlash muhimligi alohida ta’kidlandi, shuningdek, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» va Astanada o‘tgan «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitlari natijalari mintaqaga e’tibor ortib borayotganining yorqin ifodasi sifatida yuqori baholandi.

Alohida e’tibor O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Konsultativ uchrashuvidagi raisligi doirasida ekspertlik yordamini kuchaytirishga qaratildi.

Muzokaralar yakunida Javlon Vahabov va Tolgat Narikbaev o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolashdi. Ushbu hujjat hamkorlikda ilmiy tadbirlar o‘tkazish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, tahliliy materiallar, nashrlar va akademik resurslardan keng foydalanishni ko‘zda tutadi.

Tomonlar ta’kidlaganidek, Memorandum ikki tomonlama tashabbuslarga yosh tadqiqotchilarni faol jalb qilish, shuningdek, birgalikda ilmiy nashrlar ustida ishlashni ham o‘z ichiga oladi.

Maqsut Narikbaev Universiteti — Qozog‘istondagi yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biri bo‘lib, huquq, xalqaro munosabatlar va davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan. Universitet tarkibida Global va mintaqaviy boshqaruv markazi hamda MIND markazi — Qozog‘iston Respublikasi Senati huzuridagi davlat siyosatini dalillarga asoslangan tarzda rivojlantirishga qaratilgan ekspert maydonchasi faoliyat yuritadi.