Muzokaralar chog‘ida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, shuningdek, ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Szya Godun O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari rivojidagi ijobiy dinamikani hamda “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi hamkorlikning chuqurlashib borayotganligini qayd etdi. Markaz rahbari, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqaror hamkorlik modelini shakllantirishdagi hissasini alohida ta’kidladi.

J.Vaxabovning ta’kidlashicha, ushbu jarayonda o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda ilmiy-tadqiqot institutlarining faol ishtiroki muhim o‘rin tutadi.
Tomonlar Xitoyning Yevrosiyo, jumladan Markaziy Osiyo bilan aloqalarini kengaytirishda Shinjonning strategik o’rnini inobatga olgan holda hududlararo hamkorlik masalalari bo‘yicha ekspertlar muloqotini rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

Shu nuqtai nazardan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, infratuzilmani raqamlashtirish va qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi yechimlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratish taklif qilindi. Shuningdek, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va sanoatni rivojlantirish borasidagi Shinjonning tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida MOXI va Markaz o‘rtasida kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Markaziy Osiyo geosiyosati ilmiy-tadqiqot markazi 2011-yilda tashkil etilgan bo’lib, Shinjon universiteti huzurida faoliyat yuritadi. Markaziy Osiyodagi geosiyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o‘rganishga ixtisoslashgan Shinjonning yetakchi tahlil markazlaridan biri hisoblanadi.