Tomonlar Yaqin Sharqdagi mavjud jarayonlar, O‘zbekistonning mintaqada tinchlik, muloqot va konstruktiv hamkorlikni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi savdo, transport yo‘nalishlari, energetika aloqalari va mintaqaviy hamkorlik orqali o‘sib borayotgan o‘zaro bog‘liqlikni muhokama qildilar.
J.Vaxabov Yaqin Sharqni o‘rganish Markaziy Osiyo uchun muhim amaliy ahamiyatga ega ekanligini, chunki bu mintaqadagi voqealar xavfsizlik, logistika, energetika, oziq-ovqat bozorlari va migratsiya masalalariga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston uchun nafaqat mintaqaviy inqirozlarni kuzatish, balki Yaqin Sharqning yangi arxitekturasini shakllantiradigan uzoq muddatli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni yaxshiroq tushunish ham muhimdir.

Shuningdek, MOXI va ORSAM o‘rtasidagi hamkorlik ushbu jarayonlar va ularning Markaziy Osiyo uchun oqibatlarini birgalikda tahlil qilish uchun foydali ekspertlik maydoniga aylanishi mumkinligini ta’kidladi. Qo‘shma nashrlar tayyorlash, tahliliy materiallar almashish, qaror qabul qiluvchi shaxslar uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida ekspertlik davra suhbatlari, ommaviy vebinarlar va muhokamalar o‘tkazish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
O‘z navbatida, K. Temiz ORSAMning MOXI bilan mazmunli hamkorlikni rivojlantirish, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Yevroosiyo kun tartibi bo‘yicha muloqotni kengaytirishdan manfaatdorligini ta’kidladi. U tahliliy markazlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik ekspertlik baholari almashinuvini mustahkamlash, tadqiqot kun tartibini kengaytirish va ikki tahliliy institut o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun asos yaratishini ta’kidladi.

Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi (ORSAM) - 2009-yilda Anqarada tashkil etilgan Turkiyaning yetakchi tahliliy markazi bo‘lib, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni, shuningdek, xavfsizlik masalalarini o‘rganishga ixtisoslashgan.