Voqealar
18.07.2025
|
236
MOXI va RSTI Markaziy Osiyo bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi
Moskvada Rossiya Strategik Tadqiqotlar Instituti (RSTI) va Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) hamkorligida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdilar va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi barqaror sheriklik aloqalarini ta’kidladilar.

MOXI direktori J. Vahabov o‘zining kirish so‘zida ushbu uchrashuv muhim tarixiy davrda – O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma imzolanganiga 20 yil to‘lgan 2025-yilda o‘tayotganini qayd etdi. Ushbu hujjat strategik hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘z navbatida, RSTI direktori M. Fradkov zamonaviy sharoitlarda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyot masalalarida muvozanatli yondashuvlarni shakllantirishda ekspertlar hamjamiyatining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

RSTI direktori bosh maslahatchisi I. Borovkov tashqi siyosiy jarayonlarning Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga ta’siri haqida o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi hamda mintaqa bilan Moskva o‘rtasida muloqot va hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

MOXI direktori o‘rinbosari Sh. Fayziyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlariga O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. U mintaqaviy konsolidatsiyani ilgari surish, “CA–2040” strategiyasini amalga oshirish, suv resurslari va barqaror rivojlanish masalalari, shuningdek, “CA+” formati bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni batafsil yoritdi.

RISS direktori maslahatchisi V. Xolodkov Rossiyaning mintaqa davlatlari bilan madaniy-gumanitar hamkorligini kengaytirish yondashuvlarini taqdim etdi. Jumladan, akademik almashinuvlar, qo‘shma ta’lim tashabbuslari va gumanitar loyihalar masalalari muhokama qilindi.

MOXI bosh ilmiy xodimi N. Mansurova “Markaziy Osiyo va Rossiya: o‘zgarayotgan dunyodagi strategik hamkorlik” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Unda yangi global chaqiriqlar va mintaqaviy haqiqatlar sharoitida sheriklik aloqalarini moslashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqot institutlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini rivojlantirish muhimligini qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan, ushbu davra suhbati joriy yil fevral oyida imzolangan MOXI va RISS o‘rtasidagi Harakatlar rejasini amalda amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, ekspertlik hamkorligini mustahkamlash va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan tahliliy fikr almashinuvini qo‘llab-quvvatladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom