Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, O‘zbekiston va Shinjon tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Suhbat doirasida Ga Guanxay ishtirokchilarni ShIFA faoliyati, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi, shuningdek, Shinjonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorligining bugungi jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, J.Vaxabov O‘zbekiston va Shinjon o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning ulkan salohiyatini qayd etdi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida “Xitoy – Markaziy Osiyo – G‘arbiy Osiyo” iqtisodiy yo‘lagi istiqbollarini o‘rganish uchun ekspertlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lining strategik ahamiyati va salohiyatini o‘rganish deb ta’kidlandi. Loyiha amaliy ijro bosqichiga o‘tayotgan hozirgi sharoitda, mazkur yo‘nalish bo‘ylab zarur infratuzilmani barpo etish hamda savdo, logistika, raqamli bog‘liqlik va toza energiya orqali hududlarni kompleks rivojlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu borada ShIFA huzuridagi Markaziy Osiyo instituti direktori Li Yanbin O‘zbekiston va Shinjonning strategik tadqiqotlar institutlari hamda tahliliy markazlari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Bunday aloqalar mintaqaviy jarayonlarni chuqurroq anglashga va umumiy xatarlarni yengib o‘tishda muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan, ikki tomonlama munosabatlar va ko‘p tomonlama platformalar doirasida amaliy tashriflarni amalga oshirish hamda ekspertlar ishtirokida munozaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldilar.