Suhbat davomida tomonlar jahon energetikasini rivojlantirishning dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo energetika sektoridagi vaziyat, shuningdek, MOXI va S&P Global o‘rtasidagi ilmiy-tadqiqot hamkorligi istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Daniyar Kurbanov global energetika bozorlarida transformatsiya jarayonlari kechayotgan hozirgi sharoitda energetika xavfsizligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, transport bog‘liqligi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishi masalalari bo‘yicha ekspertlik muloqoti alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Matthew J. Sagers Markaziy Osiyoga istiqbolli energetika, transport va investitsiya makoni sifatida xalqaro qiziqish ortib borayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, S&P Global O‘zbekiston energetika sohasi bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlashdan, jumladan, MOXI bilan hamkorlikda ishlashdan manfaatdor.
Uchrashuv yakunida tomonlar ishchi aloqalarni davom ettirish hamda energetika, transport va mintaqaviy bog‘liqlik masalalari bo‘yicha qo‘shma ekspert-tahliliy tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.