Voqealar
16.08.2026
|
203
MOXI va Turkiya tahliliy markazi o‘rtasida ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
Joriy yilning 11-avgust kuni Turkiyaning AVİM (Avrasya İncelemeleri Merkezi) Yevroosiyo tadqiqotlari tahliliy markazi direktori Alev Kılıç bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv doirasida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, jumladan, qo‘shma tadbirlarni tashkil etish hamda ilmiy nashrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

MOXI direktori Javlon Vahobov O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarining ijobiy dinamikasini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berayotgan ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlik formatlarining tobora ortib borayotgan ahamiyatini ta’kidladi.

Alev Kılıç Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidlab, ikki mamlakatning tarixiy va madaniy jihatdan yaqin ekanini qayd etdi.

O‘zbekistonning Anqara uchun Markaziy Osiyodagi asosiy strategik sheriklardan biri sifatidagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiyaning “aql markazlari” o‘rtasida hamkorlikning samarali mexanizmlarini shakllantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Muloqot yakunida MOXI va AVİM o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari etib qo‘shma konferensiyalar va davra suhbatlarini tashkil etish, davlatlararo, iqtisodiy hamda madaniy aloqalarga oid tadqiqotlar olib borish, shuningdek, qo‘shma nashrlar tayyorlash belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, MOXI direktori J. Vahobov va AVİM direktori A. Kılıçning ilk uchrashuvi joriy yilning 19-iyun kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda ikki tahliliy markaz o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlikka asos solingan edi.

2009-yilda tashkil etilgan AVİM Yevroosiyo tadqiqotlari markazi Turkiyaning Yevroosiyodagi siyosiy, iqtisodiy va xalqaro jarayonlarini o‘rganishga ixtisoslashgan tahliliy markaz hisoblanadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom