Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini, jumladan, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yosh mutaxassislarning tahliliy va ekspertlik faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
MOXI direktori J. Vaxabov O‘zbekiston yoshlari mamlakatning zamonaviy imijini shakllantirish, uning tashabbuslarini ilgari surish va xalqaro nufuzini mustahkamlashda tobora muhim o‘rin egallayotganini ta’kidladi. U Institut istiqbolli g‘oyalar va yosh yetakchilar loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, Yoshlar parlamenti a’zolarini MOXI faoliyatida faol ishtirok etishga, uning ekspertlik va tahliliy kun tartibining bir qismiga aylanishga chaqirdi.
Yoshlar parlamenti raisi O. Sobitov yosh parlamentariylar uchun MOXI professional tahliliy faoliyat namunasi hamda mamlakatning muhim intellektual maydonlaridan biri ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Institut bilan hamkorlik Yoshlar parlamenti faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, “Markaziy Osiyo plyus” yoshlar formatini mintaqaning yosh yetakchilarini umumiy taraqqiyot kun tartibi atrofida birlashtiruvchi platforma sifatida ilgari surish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida MOXI va Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Hujjat yosh parlamentariylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, milliy va xalqaro darajada ilmiy-amaliy konferensiyalar, brifinglar, seminarlar va “davra suhbatlari” ni tashkil etish hamda o‘tkazishni nazarda tutadi.
Memorandumning imzolanishi mamlakat ekspert hamjamiyati va yoshlar institutlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Hujjatning amalga oshirilishi yoshlarning tahliliy salohiyatini oshirish, ularning ijtimoiy-siyosiy va ekspertlik hayotidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni ilgari surishda yangi yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan barqaror hamkorlik mexanizmini yaratish imkonini beradi.