Voqealar
06.06.2026
|
312
MOXI vakillari Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi
MOXI vakillari Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Joriy yilning 4-iyun kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) delegatsiyasi direktor Javlon Vaxobov boshchiligida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik va farovonlik umumiy makonini shakllantirish” mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerika davlatlaridan siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Markaziy va Janubiy Osiyoning siyosiy muloqoti va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, transport-logistika aloqalarini kengaytirish, iqlim bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Forum ishtirokchilari Termiz muloqoti o‘zining keng geografik qamrovi va amaliy yo‘naltirilganligi tufayli mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan aniq yondashuvlarni ishlab chiqish uchun tobora talab yuqori bo‘lgan maydonga aylanib borayotganini ta’kidladilar.

Termizning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tabiiy ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini tiklash bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Shaharning transport-logistika xabi sifatida rivojlanishi mintaqa davlatlariga Janubiy Osiyo portlariga chiqish va uning jadal rivojlanayotgan bozorlariga kirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Muhokamalar davomida transport koridorlarining ortib borayotgan ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ularga nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari, balki mintaqalar bozorlariga quruqlik orqali chiqish imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zlayotgan Yaqin Sharq mamlakatlari ham katta qiziqish bildirmoqda.

Ekspertlar o‘zaro bog‘liqlik faqat infratuzilma va transport yo‘nalishlarini rivojlantirish bilan cheklanmasligini, balki avvalo siyosiy ishonch, barqarorlik va davlatlararo hamkorlikning mustahkamligiga asoslanishini ta’kidladilar.

Shu nuqtai nazardan, jamiyatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv uzoq muddatli hamkorlikning eng muhim strategik resurslaridan biri sifatida baholandi.

Mazkur kontekstda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Forum ishtirokchilari xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish barqaror mintaqalararo hamkorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri ekanini hamda siyosiy va iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishini qayd etdilar.

Shuningdek, ikki mintaqa xalqlarining boy tarixiy-madaniy merosi va ko‘p asrlik aloqalari yanada yaqinlashish uchun mustahkam asos yaratishi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan akademik almashinuvlarni kengaytirish, yoshlar mobilligini rivojlantirish hamda yoshlar, ilmiy hamjamiyat va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida qo‘shma madaniy-ta’lim loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida, jumladan, tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari yo‘nalishida ekspert-tahliliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Bu mintaqaviy kun tartibini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Forum yakunlari bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma Kommunikeni qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom