Voqealar
06.08.2026
|
246
MOXIda Afg‘oniston Strategik tadqiqotlar markazi direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi
Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Institut direktori Javlon Vaxabovning Afg‘oniston TIV huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (STM) direktori Abdulhay Qonit bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar joriy yil 16-iyun kuni Kobul shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Afg‘oniston” shaklidagi tahliliy markazlarning birinchi forumi yakunlari hamda kelgusidagi ekspertlar hamkorligi istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv avvalida J. Vaxabov muntazam siyosiy muloqot va o‘zaro ishonchga tayanadigan O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligining jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika va gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil kengaymoqda.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish har ikki mamlakat manfaatlariga mos kelishi va mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida A. Qonit O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan mintaqaviy hamkorlikni ilgari surishdagi alohida rolini qayd etib, O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarining bugungi darajasiga yuqori baho berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning afg‘on tomoni manfaatlarini hurmat qilish va teng huquqlilikka asoslangan yondashuvi mintaqadagi hamkorlarda qiziqish uyg‘otmoqda hamda Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga kengroq jalb etish uchun zamin yaratmoqda.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ekspert-tahliliy hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaviy kun tartibi yuzasidan baholar almashishni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.

Strategik tadqiqotlar markazi Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi tahliliy tuzilmadir. U mintaqaviy jarayonlarni, transchegaraviy muammolarni o‘rganish va mamlakat tashqi siyosatini ekspert jihatidan ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Joriy yilning 13-aprelida MOXI va Markaz o‘rtasida Hamkorlik bayonnomasi imzolandi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom