Uchrashuv davomida tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashib, ekspertlik hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Suhbat avvalida J. Vahabov Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi tarixiy qaror o‘tgan yil noyabr oyida, O‘zbekiston raisligi davrida qabul qilinganini ta’kidladi. Ushbu qadam Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasida hamkorlikning yanada keng qamrovli arxitekturasi shakllanayotganining muhim ifodasi bo‘ldi.
F. Shafiyev o‘z navbatida O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlaridagi ijobiy sur’atlarga to‘xtalib o‘tdi. U yuqori darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida izchil taraqqiyotni ta’minlayotganini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-may kuni Boku shahriga Jahon urbanizatsiya forumida ishtirok etish maqsadida amalga oshirgan tashrifiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekiston Ozarbayjonning strategik hamkori va ittifoqchisi ekanini, shuningdek, ikki mamlakatning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatida ishtirok etishi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladilar.
Shuningdek, tomonlar “Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz” muloqot formati istiqbollarini mustaqil muloqot platformasi sifatida shakllantirish masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, mamlakatlarning ko‘p tomonlama tuzilmalar va xalqaro mexanizmlar doirasidagi hamkorligiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar joriy yil fevral oyida imzolangan Qo‘shma tadbirlar rejasi doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar va muhim sanalar arafasida mavzuli davra suhbatlarini tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.