Voqealar
08.05.2026
|
409
MOXIda Chatham House Qirollik akademiyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Qirollik xalqaro munosabatlar instituti huzuridagi Qirolicha Yelizaveta II nomidagi Liderlik akademiyasi (Chatham House akademiyasi) rahbari o‘rinbosari Krystiya Melex bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida tomonlar MOXI va Chatham House akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini, jumladan, ilmiy xodimlar uchun qo‘shma ta’lim tashabbuslari va amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.

Tadqiqotchilar almashinuvning barqaror mexanizmlarini shakllantirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibi bo‘yicha yangi avlod ekspertlarini tayyorlash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Javlon Vaxabov Chatham House akademiyasi bilan hamkorlik MOXI uchun tahliliy aloqalarni chuqurlashtirish, tadqiqotchilar malakasini oshirish hamda Markaziy Osiyoni global ekspert tarmoqlariga yanada faol integratsiya qilish uchun keng imkoniyatlar ochishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hamkorlik formatlari mintaqaning ilmiy-tahliliy salohiyatini mustahkamlash va uning kun tartibini xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Krystiya Melex Chatham House tomonidan Markaziy Osiyoga qiziqish ortib borayotganini qayd etib, ushbu yo‘nalishda MOXI bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Tomonlar MOXI xodimlari uchun qisqa va uzoq muddatli amaliyot dasturlarini ishlab chiqish, jumladan, Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan maxsus tashabbuslarni shakllantirishga qiziqish bildirdilar.

Tomonlarning fikricha, bunday dasturlarni amalga oshirish ishtirokchilarning ekspertlik bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini kengaytirish bilan birga, tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi mintaqaviy rivojlanish va hamkorlikning muhim masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun barqaror platforma yaratishga xizmat qiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom