Muzokaralarda, shuningdek, Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi elchisi Ilkka Raysanen hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi Osiyo va Okeaniya departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Mikko Kivikoski ishtirok etdi.

Tomonlar Shimoliy kengash mintaqalari va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar hamda ikki mintaqaning tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘z nutqining boshida T. Xakala Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar rivojiga to‘xtalib, mintaqa davlatlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni chuqurlashtirishda ijobiy tendensiyalar kuzatilayotganligini qayd etdi.

Shuningdek, u joriy yilda Bryusselga Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi o‘zbek–yevropa munosabatlarini mustahkamlash va strategik hamkorlikni kengaytirishda yangi bosqich bo‘lishini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, Markaziy Osiyo va Shimoliy kengash o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida doimiy aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.