Tadbir Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi.
Finlyandiya tomonidan tadbirda Prezident Aleksandr Stubb, Finlyandiya Parlamenti deputati va O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhi raisi Ville Skinnari, Martti Ahtisaari Tinchlik Fondi dasturlar bo‘yicha rahbari Oskar Eronen hamda Finlyandiya Prezidenti apparatida tinchlik bo‘yicha vositachilik direktori Ville Brummer ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan esa mamlakatning yetakchi davlat va nodavlat tahlil markazlari rahbarlari va vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha fikr almashildi, shuningdek, Shimoliy Kengash mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan savdo va investitsiyalar, energetika, ta’lim, fan hamda innovatsiyalar sohalaridagi imkoniyatlar muhokama qilindi. Alohida e’tibor barqaror rivojlanish va raqamli transformatsiya sohalarida nordik tajribasidan foydalanish masalasiga qaratildi.
MOXI direktori Javlon Vahabov o‘zining kirish so‘zida Xelsinki uzoq yillardan beri xalqaro vositachilik va qonun ustuvorligi markazi sifatida tan olinganini ta’kidladi. U, shuningdek, Finlyandiyaning tinchlik o‘rnatish borasidagi sadoqati Markaziy Osiyo uchun ayniqsa muhim ekanini qayd etdi.
Shuningdek, Finlyandiya innovatsiyalar va ta’lim sohasida dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri ekani ta’kidlandi. Mamlakat eng texnologik rivojlangan davlatlar qatoriga kiradi va Markaziy Osiyo bilan ilg‘or tajriba almashish uchun katta salohiyatga ega ekani yig‘ilish davomida alohida e’tirof etildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “yashil” energetika va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, Finlyandiyaning ushbu sohalardagi tajribasi amaliy ahamiyat kasb etadi, deya ta’kidladi J.Vahabov.
Shu tariqa, “davra suhbati” Shimoliy Kengash mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Shimoliy Kengash” formati doirasida amaliy tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun muhim maydonga aylandi.
Tadbir doirasida, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bilan Martti Axtisaari Tinchlik jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur hujjat siyosat, iqtisodiyot va mintaqaviy xavfsizlik sohalarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni, o‘zaro tashriflarni amalga oshirish va doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishni, shuningdek, o‘zaro qiziqish uyg‘otuvchi masalalar bo‘yicha qo‘shma tadbirlar tashkil etishni nazarda tutadi.

Martti Axtisaari Tinchlik jamg‘armasi — Finlyandiyaning Xelsinki shahrida joylashgan yetakchi tahliliy markaz hisoblanadi. U 2000-yilda Nobel tinchlik mukofoti sovrindori va Finlyandiyaning sobiq prezidenti Martti Axtisaari tomonidan tashkil etilgan. Jamg‘arma tinchlik o‘rnatish, nizolarni hal etish va dunyoning turli mintaqalarida barqaror tinchlikni ta’minlash yo‘lida faoliyat yuritadi.