Voqealar
18.05.2026
|
225
MOXIda Finlyandiyalik ekspert bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i Daniyar Kurbanov Finlyandiya xalqaro munosabatlar institutining (FXMI) Rossiya, Sharqiy Yevropa va Yevrosiyo tadqiqotlari dasturi katta ilmiy xodimi Kristiina Silvan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida tomonlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning bugungi tendensiyalari yuzasidan fikr almashib, “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi muloqotni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Shuningdek, MOXI va FXMI o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, tahliliy va ilmiy-akademik materiallar tayyorlash, shuningdek, ekspertlik tadbirlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Daniyar Kurbanov “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatining rivojlanishida MOXI Skandinaviya mamlakatlarining yetakchi tahliliy markazlari, jumladan, FXMI bilan aloqalarni kengaytirishga alohida ahamiyat berishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Kristiina Silvan MOXI bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi ekspertlar muloqotini chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ishchi aloqalarni davom ettirish hamda kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom